Amaldagi chempion Kot-d'Ivuar terma jamoasi 2025 yilgi Afrika Millatlar Kubugi saralash bosqichini juma oqshomida "Stad de la Paix" stadionida Zambiyaga qarshi o'yin bilan boshlaydi. Mazkur jamoalar saralashning G guruhidan joy olgan bo'lib, ular kelasi yili Marokashda bo'lib o'tadigan nufuzli musobaqaning ikkita yo'llanmasi uchun Sierra-Leone va Chad terma jamoalariga qarshi kurash olib borishadi. Mezbonlar so'nggi Afrika Millatlar Kubogida o'z uyida g'alaba qozonib, o'z tarixidagi uchinchi chempionlikni qo'lga kiritgan edi. Turnir davomida bosh murabbiy o'zgargach, jamoani qabul qilib olgan Emerse Fae xalqaro musobaqada g'olib chiqqan ilk vaqtinchalik murabbiy sifatida tarixga kirdi. Nigeriyaga qarshi finaldan so'ng "fillar" o'rtoqlik o'yinlari o'tkazdi hamda JCh saralashida muhim ochkolarni qo'lga kiritdi. Fae qo'l ostida Kot-d'Ivuar ketma-ket sakkizta o'yinda mag'lubiyatsiz seriyani qayd etib turibdi va o'z guruhida peshqadamlik qilmoqda. Zambiya terma jamoasi esa 2012 yilgi qit'a chempionatining finalida aynan Kot-d'Ivuar ustidan penaltilar seriyasida zafar quchib, tarixiy natija qayd etgan edi. Biroq, shundan so'ng "chipolopolo" keyingi musobaqalarda muvaffaqiyatsizlikka uchrab, guruhdan chiqa olmadi. Avram Grant shogirdlari oxirgi paytlarda qator mag'lubiyatlarni qabul qilib oldi va iyun oyidagi COSAFA Kubogida ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Tarkib yangiliklariga ko'ra, "Manchester Yunayted" qanot futbolchisi Amad Diallo 2023 yil martidan beri ilk bor Kot-d'Ivuar terma jamoasi safiga qaytdi. Shuningdek, Beni Traore va Mario Dorgeles ilk bor milliy terma jamoaga chaqirilib, o'z debyutini o'tkazishga intilmoqda. Juma kungi to'qnashuvda mezbonlar 2023 yildagi so'nggi o'zaro o'yinda uchralgan yirik mag'lubiyat uchun revansh olishni maqsad qilgan.