Dunyodagi yirik kriptovalyuta birjalaridan biri bo'lgan Binance Pax Dollar yoki USDP steyblkoinini o'z platformasidan bosqichma-bosqich olib tashlashini e'lon qildi. Rasmiy bayonotga ko'ra, USDP bilan bog'liq spot savdolar 24-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan tongda to'xtatilib, barcha faol buyurtmalar avtomatik ravishda bekor qilinadi. Ushbu qaror birjaning raqamli aktivlarni muntazam ravishda ko'rib chiqish siyosati doirasida qabul qilingan bo'lib, likvidlik, savdo hajmi, tarmoq xavfsizligi hamda regulyator talablari kabi mezonlarga asoslanadi. Birja ushbu qadam ortida biron-bir maxsus voqea turganini yoki steyblkoin o'zining dollar ta'minotini yo'qotganini bildirmagan. Tokenni birjadan chiqarish jarayoni bir necha bosqichda va turli muddatlarda amalga oshiriladi. Dastlabki cheklovlar 11-sentabrdan boshlanib, "Bir klik bilan sotib olish va sotish" xizmati hamda marja savdosidan USDP olib tashlandi. Shuningdek, 16-sentabrda Binance Pay, Binance Pool, shuningdek, garov va qarz berish xizmatlarida ham ushbu aktivni qo'llab-quvvatlash yakunlandi. Shundan so'ng, Earn, spot kop-treyding va Dual Investment xizmatlari ham bosqichma-bosqich yopilib, foydalanuvchilarning aktivlari ularning spot hamyonlariga o'tkazib beriladi. Spot savdolar tugatilganidan keyin ham egalariga o'z mablag'larini platformadan chiqarib olish uchun ikki oylik muhlat beriladi va bu imkoniyat 24-noyabrgacha davom etadi. Biroq, Binance 25-noyabrdan keyin qolgan USDP mablag'larini boshqa steyblkoin turiga konvertatsiya qilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shu bilan birga, Paxos kompaniyasi USDP to'liq naqd pul va unga tenglashtirilgan ekvivalentlar bilan ta'minlangani hamda birga-bir nisbatda dollarga almashtirilishi saqlanib qolishini ta'kidladi.