Turinning «Yuventus» jamoasi Italiya chempionatining 36-turida «Sampdoriya» ustidan 2:0 hisobida zafar quchdi. Ushbu g‘alaba «keksa sinyora»ga mavsum yakunlanishiga ikki tur qolganining o‘zidayoq muddatidan avval A Seriya chempionligini taqdim etdi. Jamoaning 35 yoshli tajribali hujumchisi Krishtianu Ronaldu uchun mazkur chempionlik «Yuventus» safidagi ketma-ket ikkinchisi va umumiy hisobda uchinchi sovrini bo‘lib tarixga kirdi. Avvalroq, u 2018 yilda jamoasi bilan birgalikda Italiya Superkubogida ham bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi. Shu tariqa, portugaliyalik yulduz futbolchi o‘zining professional faoliyati davomida qo‘lga kiritgan sovrinlari sonini 32 taga yetkazdi. U o‘zining turli yillardagi klublari safida hamda milliy terma jamoada sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan. Xususan, Ronaldu o‘z vaqtida «Sporting» safida 1 ta, «Manchester Yunayted»da 10 ta, «Real» safida 16 ta va «Yuventus»da 3 ta turli darajadagi musobaqalarda g‘olib chiqqan. Shuningdek, u Portugaliya milliy terma jamoasi tarkibida ham ikkita nufuzli musobaqada bosh sovrinni qo‘lga kiritgan bo‘lib, bular Yevro—2016 va 2018/2019 yilgi mavsumdagi Millatlar Ligasidir.