Janubiy Koreya soliq organlari mamlakat kompaniyalari va xususiy investorlari uchun chet eldagi moliyaviy hisobotlar boʻyicha muhim talabni eslatib oʻtdi. Agar yil davomida har qanday oyning oxirida umumiy balans 500 million von yani taxminan 350 000 AQSh dollaridan oshsa, bu haqda soliq xizmatiga xabar berish majburiy hisoblanadi. Ushbu tartib raqamli aktivlarga nisbatan 2023-yildan beri amal qilib kelmoqda. Biroq, bu majburiyat mustaqil saqlash hamyonlariga tatbiq etilmaydi, chunki ular xizmat koʻrsatuvchi provayderda ochilgan hisob raqami sanalmaydi. Deklaratsiyada xorijiy tashkilot, hisob raqami va balans haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim. Ushbu aniqlashtiruvchi qaror soliq idorasi tomonidan 2022-yilning noyabrida qulagan xorijiy kriptovalyuta birjasining kreditori boʻlgan Janubiy Koreya rezidentining soʻroviga javoban qabul qilindi. Rasmiylar kompaniya nomini ochiqlamagan boʻlsada, barcha alomatlar bu FTX birjasi ekanini koʻrsatmoqda. Koreyalik investor oʻz aktivlarini ushbu maydonda saqlagan, soʻngra mablagʻlarni taqsimlash jarayonida qatnashib, koreys bankidagi valyuta hisobiga qisman toʻlovlarni ola boshlagan edi. Soliq idorasiga yoʻllangan savolda birjaning bankrotlik jarayonida bloklanib qolgan va egasi foydalana olmayotgan mablagʻlarni ham deklaratsiya qilish kerakmi degan masala koʻtarilgan edi. Janubiy Koreya soliq xizmati treyderlar operator bankrotga uchragan yoki aktivlar ustidan nazorat yoʻqolgan taqdirda ham xorijiy xizmat koʻrsatuvchilardagi virtual aktivlar haqida maʼlumot oshkor qilishga majbur ekanini tasdiqladi. Biroq, deklaratsiya topshirish ushbu aktivlar uchun avtomatik ravishda soliq toʻlanishini anglatmaydi. Shunga qaramay, fuqarolar chet el birjalaridagi mablagʻlar allaqachon yoʻqolganini yoki ulardan foydalana olmasligini isbotlashda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Bankrot boʻlayotgan birjaning interfeysi tugatish boshqaruvchisi toʻliq summani qaytara olmasa ham, mijoz tokenlarining boshlangʻich balansini koʻrsatishda davom etishi mumkin. Soliq idorasi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilda mahalliy treyderlar 10,5 trillion von (7,8 milliard dollar) miqdoridagi xorijiy raqamli aktivlarni deklaratsiya qilgan. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 5,4 foizga kamdir. 2027-yilning 1-yanvalidan boshlab mamlakatda qiymati 2,5 million vonni ($1858) oshgan yillik kriptovalyuta daromadiga 22% lik umumiy soliq stavkasini joriy etish rejalashtirilgan. Hozircha idora steyking va eyrdropdan tushgan daromadlar qanday soliqqa tortilishi hamda xarid xarajatlari qanday hisoblanishini tushuntirmagan. Boshqa bir yangilikka koʻra, Seul Markaziy okrug sudi Janubiy Koreyaning ikkinchi yirik kriptobirjasi Bithumb mijoziga xatolik bilan uning hisobiga oʻtkazilgan bitcoinlarni sotib yuborganidan keyin taxminan 140 400 dollarni qaytarish majburiyatini yukladi. Sud mijoz qoʻlga kiritgan mablagʻlarni asossiz boyish deb atadi.