Ispaniya chempionatining navbatdagi tur bahslari doirasida "Rayo Valyekano" klubi safar o'yinida "Granada" jamoasi mehmoni bo'ldi. Qiziqarli kechgan uchrashuv mehmonlarning ishonchli g'alabasi bilan yakunlandi. O'yin davomida tashabbusni o'z qo'liga olgan madridliklar raqib darvozasiga javobsiz ikkita to'p kiritishga muvaffaq bo'lishdi. G'oliblar safida Alvaro Garsiya hamda Pate Siss o'z nomlarini tablodagi hisobga yozdirib qo'yishdi. O'yin yakuniga qarab mezbonlarning ishlari yanada qiyinlashdi. Bahsning 86-daqiqasida "Granada" futbolchisi Puertas hakam tomonidan maydondan chetlatildi va jamoa qolgan daqiqalarni kamchilikda o'tkazishga majbur bo'ldi. Ushbu muvaffaqiyatdan keyin "Rayo Valyekano" o'z ochkolari sonini 6 taga yetkazib, turnir jadvalining ikkinchi pog'onasidan joy oldi. O'yinni mag'lubiyat bilan yakunlagan "Granada" hisobida esa hozircha ochkolar mavjud emas va jamoa jadvalning eng quyi qismida, so'nggi o'rinda bormoqda.