Mashhur poygachi Lyuis Xemiltonning MotoGP chempionatidagi jamoalardan birini sotib olish niyatida ekani borasida rasmiy tasdiq olindi. Bungacha faqat turli mish-mishlar mavjud edi, biroq Goldman Sachs banki tomonidan investorlar uchun oʻtkazilgan anjumanda Liberty Media ijrochi direktori Greg Maffey bu maʼlumotni tasdiqladi. Uning soʻzlariga koʻra, Liberty Media kompaniyasining MotoGP seriyasini sotib olish rejalari eʼlon qilingach, darhol qiziqqan shaxslardan qoʻngʻiroqlar kelib tusha boshlagan. Greg Maffeyning taʼkidlashicha, ushbu chempionat oʻta jozibali mahsulot boʻlib, motoyigʻuvchilar oʻzaro 15 santimetr masofada soatiga 350 kilometr tezlikda kurash olib borishadi. Uning fikricha, bunday shiddatli poygalar va quvib oʻtishlar tomoshabinda unutilmas taassurot qoldiradi. Shuningdek, rahbariyat musobaqaning AQShda hali yetarlicha tanilmagani, biroq Osiyo hamda Yevropaning Ispaniya, Italiya va Fransiya kabi davlatlarida muxlislar bazasi kattaligini qayd etdi. Xarid qilish istagini bildirganlar orasida Mercedes jamoasi yulduzi Lyuis Xemilton ham borligi maʼlum qilindi. Maffeyning fikricha, taniqli shaxslar va sarmoyadorlarning bu sport turiga intilishiga asosiy sabab – Liberty Media kompaniyasining Formula 1 chempionatini butunlay oʻzgartirgani va yangi loyihada ham shunday muvaffaqiyatga erishilishiga boʻlgan ishonchdir.