«Barselona» klubi o'zining yosh va istiqbolli yarimhimoyachisi Gavi bilan yangi uzoq muddatli shartnoma imzolashga tayyorgarlik ko'rmoqda. Bu haqda nufuzli AS nashri xabar tarqatdi. Manbaning ma'lum qilishicha, kataloniyaliklar rahbariyati tez orada futbolchining vakili Ivan de la Penya bilan muzokaralar o'tkazishni rejalashtirgan. Tomonlar amaldagi kelishuvni uzaytirish masalasini muhokama qilishadi va yakuniy kelishuvga erishishni maqsad qilingan. Klub rahbariyati 17 yoshli ispaniyalik futbolchiga uning tovon puli miqdorini 500 million evroga oshirgan holda yangi va yaxshilangan shartnoma taklif etish niyatida. Shuningdek, tomonlar o'rtasidagi yangi bitim muddati 2026 yilgacha mo'ljallanishi ko'zda tutilgan. Ma'lumot uchun, Gavi «Barselona» klubining o'z tarbiyalanuvchisi sanaladi. Yarimhimoyachining hozirgi amaldagi shartnomasi 2023 yilning iyun oyida o'z nihoyasiga yetishi belgilangan edi. Eslatib o'tamiz, yosh iqtidor egasi joriy mavsumda «Barselona» asosiy jamoasi safida o'zining debyutini o'tkazishga ulgurdi. U shu vaqtga qadar barcha turnirlar doirasida 6 ta uchrashuvda maydonga tushib, jamoadoshlariga bitta golli uzatma yetkazib berishni uddalagan.