MetaMask va ConsenSys mustaqil kompaniyalarga aylanadi 🌐
Kriptovalyuta olamidagi taniqli ConsenSys Software Inc. kompaniyasi oʻzining chakana va institutsional yoʻnalishlarini ikkita alohida mustaqil korxonaga boʻlishga qaror qildi. Ushbu keng koʻlamli qayta tashkil etish jarayoni 2026-yil yakuniga qadar toʻliq yakunlanishi koʻzda tutilgan. Rahbariyatning tushuntirishicha, bunday qarorga tarmoqdagi turli tendentsiyalar sabab boʻlgan, chunki oddiy foydalanuvchilar hamyonlarni kundalik moliyaviy amaliyotlarga faol tatbiq etmoqda, yirik moliya tashkilotlari esa sinov loyihalaridan real blokcheyn texnologiyalariga oʻtmoqda.
Amaldagi ConsenSys Software kompaniyasi nomi oʻzgartirilib, MetaMask deb nomlanadi. Unga asoschisi Jo Lyubin rahbarlik qiladi. Bu tuzilma shaxsiy foydalanuvchilar uchun moʻljallangan mahsulotlar, xususan, MetaMask hamyonini rivojlantirishda davom etadi. Ethereum ekotizimi asosiy ustuvorlik boʻlib qolishiga qaramay, boshqa blokcheynlarni qoʻllab-quvvatlash hamda anʼanaviy moliya bozorlari vositalaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi. Shuningdek, toʻlovlar, jamgʻarma va investitsiyalarni bitta platformada birlashtirish rejalashtirilgan.
Ikkinchi yoʻnalish sifatida protokol boʻlimi va moliya institutlari uchun moʻljallangan infratuzilma biznesi yangi ConsenSys tuzilmasiga ajratiladi. Unga Mayk Kriak bosh direktor sifatida rahbarlik qilsa, David Kanningem prezident lavozimini egallaydi, Jo Lyubin эsa ijroiya kengashi raisi boʻladi. Yangi kompaniya tarkibiga Linea ikkinchi darajali tarmogʻi, Besu va Teku Ethereum mijozlari texnologiyalari oʻtadi.
Yangi ConsenSys banklar, aktivlarni boshqaruvchilar va toʻlov tashkilotlari uchun korporativ infratuzilmani yaratishga ixtisoslashadi. Kompaniyaning asosiy faoliyat yoʻnalishlariga tokenizatsiya, barqaror tangalar va dasturlashtiriladigan hisob-kitoblar kiradi. Eslatib oʻtamiz, joriy yilning may oyida ConsenSys kompaniyasi AQSh fond birjasiga chiqishni rejalashtirayotgani maʼlum qilingan edi.
Ko'p so'raladigan savollar
ConsenSys kompaniyalarga boʻlinish jarayonini qachon yakunlamoqchi?
Kompaniya mazkur jarayonni 2026-yil oxirigacha yakunlashni rejalashtirmoqda.
Yangi ConsenSys kompaniyasiga kim rahbarlik qiladi?
Yangi ConsenSys kompaniyasining bosh direktori etib Mayk Kriak tayinlandi.
Bu maqola haqida nima deb o'ylaysiz?




Izohlar (0)
Hali izohlar yo'q. Birinchi bo'ling!